Navro‘z – do‘stlik va hamjihatlik, mehr-oqibat bayrami







O‘zbekiston tumanidagi mahallalarda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda”, “Do‘st bilan obod uyimiz”, “Qo‘shnichilik – ming yilchilik”, “Birlashgan o‘zar”, “Buyuk kelajakni birga quramiz” shiorlari ostida o‘tkazilmoqda.
Tumanning “Kichik Tagob” mahallasida o‘tkazilgan ana shunday shodiyonalar ham mahalla ahli va keng jamoatchilik uchun haqiqiy bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Mahalla ahli yagona maqsad yo‘lida birlashib, milliy bahor taomlarini tayyorlashdi. Amaliy san’at va hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Milliy o‘yinlar, “Varraklar sayli”da yoshlar bir olam quvonch tuydi.
Milliy qadriyatlar, urf-odatlar, millatlararo totuvlik tarannum etilgan tadbirda mahallaning nuroniy otaxon va onaxonlari qo‘llarini duo ochib, yurtimiz tinchligi, o‘zaro mehr-oqibat mustahkamligi, xalqimiz farovonligi uchun ezgu tilaklarini bildirishdi.
Tuman madaniyat bo‘limi xonandalari, yosh ijodkorlar va badiiy jamoalar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
Joylarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik, yaqin qo‘shnichilik va ahillik, milliy qadriyat hamda urf-odatlar keng tarannum etilmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz




