Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 9 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


SUD QARORLARINING QONUNIYLIGI, ASOSLILIGI VA ADOLATLILIGINI TEKSHIRISH INSTITUTI TAKOMILLASHTIRILDI

×

 2024-02-17 09:18:54    98

PDF yuklash
Chop etish


 

2023 yil 27 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida” qonuni qabul qilindi.

Fuqarolarning adolatli sud muhokamasiga bo’lgan huquqi umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalarida o’z ifodasini topgan. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasida qayd etilganidek, har bir inson huquq va burchlarini belgilash va unga qo’yilgan jinoiy aybning qanchalik darajada asosli ekanligini aniqlashi uchun to’liq tenglik asosida uning ishi oshkora va adolat talablariga rioya qilingan holda mustaqil va xolis sud tomonidan ko’rib chiqilishi huquqiga ega.

Adolatli sud muhokamasiga bo’lgan huquq inson huquqlari himoyasiga bevosita daxldor ekan, uni amalda ta'minlash davlat organlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Chunki jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda va oshkora ko’rib chiqilishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 28-moddasida belgilab qo’yilgan.

Huquqni qo’llash amaliyoti esa uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklangani sababli mazkur tizimni o’rta bo’g’im, ya'ni viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurligini ko’rsatmoqda.

“Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonunga ko’ra, sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari takomillashtirildi. 2024 yil 1 yanvardan apellyatsiya, kassatsiya va taftish instantsiyalarini joriy qilish belgilandi.

Birinchi instantsiya sudining hukmlari, ajrimlari ustidan dastlab apellyatsiya tartibida, agar apellyatsiya tartibida ko’rilmagan bo’lsa, qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat yo protest berish mumkin. Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko’rib chiqilgan jinoyat ishlari bo’yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar ustidan esa, taftish tartibida shikoyat yo protest berish, shuningdek, taftish tartibida takroran shikoyat yo protest bildirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.

Bundan tashqari, hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat yoki protest berish muddati yigirma sutkadan o’n sutkaga qisqartiriladi.

Jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko’rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari berilmoqda.

Bu, o’z navbatida, sud qarorlarini bekor qilib, yangidan ko’rish uchun quyi instantsiya sudlariga qaytarish amaliyotiga chek qo’yadi va fuqarolarning ortiqcha ovora bo’lishining oldini oladi. Ayblovni to’ldirish va sudlanuvchiga nisbatan ayblovni og’irrog’i bilan almashtirish, shuningdek, javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi aniqlangan holatlar bundan mustasno, albatta.

Muhimi, ana shu yangilanishlar natijasida sudda har bir ish bo’yicha yakuniy xulosaga kelishga erishiladi.

Aytish kerakki, qonunga kiritilgan ushbu o’zgartirishlarga muvofiq, taftish tartibidagi shikoyat yoki protest tuman (shahar) sudlarida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko’rib chiqilgan hukmlar, ajrimlar ustidan, shuningdek, tuman (shahar) sudlari tomonidan ko’rilgan ish bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga beriladi.

Tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko’rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instantsiya bo’yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar va ular yuzasidan chiqarilgan apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan esa, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay'atiga beriladi.

Oliy sud raisi va Bosh prokuror Oliy sud Jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay'atining taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Oliy sudning rayosatiga taftish tartibida takroran ko’rib chiqish uchun protest bildirishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, yangi qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro’yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror topshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan bir qatorda, sud qarorlarini qayta ko’rishda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi.

 

Xudoberdi Xoliqov,

jinoyat ishlari bo’yicha Yozyovon tuman sudining raisi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram, Twitte, YouTube, Instagram