Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“O’ZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI
2023-11-20 16:41:15 212
Bugun yurtimiz hayotining barcha jabhalarida o’zgarish, islohotlar amalga oshirilib, erkin va farovon davlat va jamiyatni yanada yuksaltirish borasida qator vazifalar ro’yobga chiqarilib kelinmoqda. Bugun mamlakatimizda yangi zamon ruhi kirib bormagan, inson manfaatiga ustuvor ahamiyat qaratilmayotgan biror-bir soha yo’q. Ayniqsa, so’nggi yillardagi amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga nazar solsak, ularning mazmun-mohiyatida xalqimiz xohish-irodasi, yillar davomida fuqarolarning tinchlik-xotirjamligiga to’siq bo’layotgan og’riqli muammolar yechimi turgani bilan yanada ahamiyatlidir. Albatta, bunday tarixiy o’zgarishlar o’z-o’zidan sodir bo’lmaydi. Mazkur islohotlar zamirida aniq va rejali maqsad, qat'iyat, kuchli siyosiy iroda, xalq dardi bilan yashash mujassam.
2023 yil 30 aprelda o’tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilingani Yangi O’zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi. Mazkur hujjat yurtimiz taraqqiyotining asosiy yo’nalishlarini takomillashtirish va ulkan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo’nalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish zaruriyatini taqazo etib, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 11 sentyabrida ushbu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan “O’zbekiston – 2030” strategiyasi to’g’risida”gi Farmon hamda “O’zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o’z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaror imzolanib, mamlakatimizning kelgusidagi taraqqiyot yo’lining aniq yo’nalishlari belgilab olindi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida:
“Biz Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat'i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so’z va vijdon erkinligi printsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik.
Mana shunday huquqiy asosda “O’zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg’un bo’lib, biz o’z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to’la va qat'iy bajarmoqdamiz” degan edi.
Ma'lumki, “O’zbekiston – 2030” strategiyasi 5 ta ustuvor yo’nalish bo’yicha 100 ta muhim maqsad o’z aksini topgan bo’lib, mazkur hujjat orttirilgan tajriba, xalqaro ekspertiza va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqildi.
O’z navbatida, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “O’zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o’z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaror ushbu hujjatning “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da sifatli va o’z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlashga qaratilgan. Strategiyada belgilangan yo’nalishlarning barchasida aholi, ya'ni xalq va mamlakat manfaatlari birinchi o’ringa qo’yilib, davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi borasida qat'iy pozitsiyalar ifoda etilgan.
Jumladan, Strategiyaning IV bobi “Qonun ustuvorligini ta'minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo’nalishiga bag’ishlandi. Mazkur yo’nalish bo’yicha 16 ta maqsad doirasida 51 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifani o’z ichiga oladi.
Bunda mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korruptsiya masalalariga oid 41 ta maqsadli ko’rsatkichni ishlab chiqish va 25 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan. Xususan, “Xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish bo’yicha islohotlar” hamda “Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar” kabi bandlarda bir qator vazifalar belgilandi:
– Elektron shaklda ko’rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 100 foizgacha yetkazish;
– “Elektron hukumat” tizimining yangi bosqichi – “Raqamli hukumat” tizimiga o’tilib, barcha hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda bo’lishini ta'minlash;
– Fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun murojaat qilishida ariza yozish, turli shakllarni to’ldirish kabi ortiqcha formal tartiblarni bekor qilish, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o’zi oladigan tizim yaratish.
Muxtasar aytganda, “O’zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat yurtimizning kelgusi yetti yillik taraqqiyotini, balki uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim hujjatdir. Unda belgilangan maqsadlarning ijrosi o’z vaqtida ta'minlanishi esa davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishida muhim omil bo’lib xizmat qilishi shubhasiz.
Xudoberdi Xoliqov,
jinoyat ishlari bo’yicha
Yozyovon tuman sudining raisi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram