Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
VOYAGA YETMAGANLAR JINOYATCHILIGI, VOYAGA YETMAGANLAR JINOYATCHILIGI BILAN BOG’LIQ ISHLARNI YURITISH VA VOYAGA YETMAGANLAR O’RTASIDA JINOYATCHILIKNI OLDINI OLISH
2023-06-21 16:39:00 205
Ta'kidlash joizki, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga qarshi kurash umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashning ajralmas qismi hisoblanadi. Fikrimizcha, umuman, jinoyatchilik sabablari voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi sabablari bilan uzviy bog’liqdir.
Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq, voyaga yetmaganlarning jinoyatlariga doir ishlarni yuritish quyidagi xususiyatlarga ega:
1)Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo’yicha isbotlanishi lozim bo’lgan holatlarning o’ziga xosligi.
2) Bunday turdagi ishlarni yuritishda dastlabki tergov harakatlari va sud muhokamasi davrida umumiy tartibda ish yuritishda isbotlanishi lozim bo’lgan holatlardan tashqari quyidagilar ham isbotlanishi lozimligi:
- voyaga yetmagan ayblanuvchining aniq yoshi (tug’ilgan yili, oyi, kuni);
- voyaga yetmaganning shaxsiga xos xususiyatlar va uning salomatligi holati;
- uning turmush va tarbiyalanish sharoitlari;
- katta yoshli dalolatchilar va boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo’qligi.
Ushbu holatlarning belgilanishi Pekin qoidalari talablariga mos bo’lib, jinoyatning aniq sabablarini topish, bolaga nisbatan yosh va aqliy xususiyatlarini hisobga olgan holda ta'sir choralarini qo’llash imkonini beradi. Balog’at yoshi turli davlatlarda turlicha belgilangan. Voyaga yetmaganlik umumiy tushuncha sifatida qonun to’liq muomala layoqatiga ega bo’lish bilan bog’laydigan yoshga yetmaganlikni nazarda tutadi. Pekin qoidalari voyaga yetmagan huquqbuzar tushunchasini huquqbuzarlik sodir qilgan bola sifatida ko’rsatadi. Shu bilan birga, xalq¬aro huquqiy hujjatlar jinoiy javobgarlikka tortishning aniq, universal yoshini belgilamaydi, faqat minimal darajasini belgilovchi umumiy qoidalar ko’rsatiladi. Shu sababli jinoyat ishlarini yuritishda voyaga yetmaganlik 7 yoshdan 18 yoshgacha, ayrim hollarda undan ham yuqori yoshni o’z ichiga oladi. Bolgariya, Vengriya, Germaniyada jinoiy javobgarlik yoshi 14 yoshdan; Gretsiya va Frantsiyada 13 yoshdan, AQShda 10 dan 17 yoshgacha (turli shtatlarning qonunchiligiga ko’ra) vujudga keladi. YEvropa davlatlarining ko’pchiligida voyaga yetganlik 18 yoshdan, faqat Avstriyada 19 yoshdan, Shveytsariyada 20 yoshdan hisoblanadi.
O’zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 547-moddasiga binoan, jinoyat qilgunga qadar o’n sakkiz yoshga to’lmagan shaxslarning jinoyatlariga oid ishlar alohida ish yurituvi tartibida ko’riladi.
Bunday toifadagi shaxslarning jinoyat ishlari bo’yicha maxfiylik (ishni yopiq sud majlisida ko’rilishi) ta'minlanishi shart. Zarurat bo’lmagan holda voyaga yetmaganlarning jinoyatlariga oid ma'lumotlar oshkor qilinishi mumkin emas. Pekin qoidalarida sud muhokamasida voyaga yetmaganlarning ishlari bo’yicha mahfiylik saqlanishi qoidasini majburiy universal printsip sifatida jinoyat protsessining voyaga yetmaganlarga oid barcha bosqichlariga joriy qilishga urinishlar mavjud. Shuningdek, mazkur qoidalar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichlarida tugatish imkoniyatini ko’zda tutadi (uning asosiy sharti voyaga yetmaganning ixtiyoriy roziligidir). Jinoyat ishini tugatish masalasini hal qilishda voyaga yetmaganga nisbatan hech qanday ta'sirning bo’lishiga yo’l qo’yilmaydi, o’lim jazosi va jismoniy azob beradigan jazoning qo’llanishi taqiqlanadi. Ozodligini cheklash esa minimal darajaga tushirilishi kerak. Ozodlikdan mahrum qilishda voyaga yetmaganni biror-bir muassasaga joylashtirish har doim so’nggi chora sifatida qo’llanishi kerakligi ta'kidlanadi.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishga oid BMT qoidalarining minimal standartlari"ga qo’shilish nihoyatda muhimdir. Bu qoidalar, loyihasini ishlab chiqish 1984 yil 14-18 may kunlari Pekinda BMTning VII Kongressida hududlararo tayyorlov yig’ilishida tugallangani sababli, "Pekin qoidalari" degan nomni olgan. Mazkur rezolyutsiyada: "...zarur hollarda o’z milliy qonun hujjatlarini, siyosatini va amaliyotini, ayniqsa, voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirish bilan bog’liq mutaxassislarni tayyorlashda, Pekin qoidalariga moslashtirish va ushbu qoidalarni tegishli organlar hamda keng jamoatchilik e'tiboriga yetkazish" tavsiya etiladi.
Bolalar tarbiyasi bilan bog’liq masalalarda, voyaga yetmagan shaxsning oilaviy muhitiga e'tibor qaratish lozim bo’ladi, bunda ma'lum bir oilada zo’ravonlik holatini bor-yo’qligi, agar bu oilada zo’ravonlik alomatlari mavjud bo’lsa, bu zo’ravonlikni oilaning voyaga yetmagan a'zosiga nisbatan sodir etilishi uning jismoniy yoki ruhiy rivojlanishiga zarar yetkazadi. Oiladagi zo’ravonlik ob'ekti bo’lib oilaning har bir a'zosi - er-xotin, bolalar, qariya ota-onalar bo’lishi mumkin, shuning uchun oiladagi shafqatsizlikning uch turi alohida ko’rsatilgan.
Xususan:
- er yoki xotinning bir-biriga nisbatan munosabatida;
- ota-onalarning bolalariga nisbatan munosabatida;
- bolalar yoki nabiralarning qariya qarindoshlarga nisbatan munosabatida.
Voyaga yetmaganlarning jinoyatchilikni oldini olishda voyaga yetmaganining ijtimoiy ruhiy holatidan kelib chiqadigan shaxsiga xos xususiyatlarni aniqlash maqsadga muvofiqdir, bunda voyaga yetmaganning hayotiy tajribasizligi, biron odamga o’xshashga, tengdoshlari orasida o’zini ustun qo’yishga intilishi, o’ta ta'sirchanligi, hurmat-e'tibor qozonishni hohlashi, kayfiyatining keskin o’zgarib turishi, o’ylamasdan harakatlar qilishi, voqealarni o’z dunyoqarashiga ko’ra qabul qilishi va huquqiy jihatdan cheklangan layo¬qat maqomi kabi holatlarga ko’proq e'tibor berib, bu holatlarni chuqurroq o’rganilib, tahlil qilinib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, manfaatdor tashkilot va muassasalar vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida joylarda targ’ibot ishlari olib borilib, tegishli xulosalar chiqarilishi lozim.
X.Xoliqov,
Jinoyat ishlari bo’yicha Yozyovon tuman sudining raisi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Twitte,
YouTube,
Instagram