Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Yanvar 2022 >>
DUSECHPAJUSHYA
     12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930
31      

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 5 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


Xalq deputatlari Yozyovon tuman Kengashining qarori

×

 2022-01-13 16:54:10    69

PDF yuklash
Chop etish


2021-yil 30-dekabr.          VI-50-77-11-165-K/21               Yozyovon tuman hokimligi.

YOZYOVON TUMANINING 2022-YILGI MAHALLIY BUDJETINI TASDIQLASH TO`G`RISIDA

O`zbekiston Respublikasining “2022-yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to`g`risida”gi qonuniga (keyingi o`rinlarda qonun deb yuritiladi) muvofiq, 2022-yilda Xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy budjetlarni boshqarishda, xususan mahalliy budjet xarajatlarini hududiy budjet mablag`lari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash bo`yicha vakolatlari yanada kengaytirildi.

O`zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunining 6-, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2022-yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to`g`risida”gi Qonuniga va Farg'jna viloyati hokimligining moliya bosh boshqarmasining 30-dekabr kungi 01/01-38/1110-sonli xatiga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashi

QAROR QILADI:

1. O`zbekiston Respublikasining “2022-yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to`g`risida”gi qonuni, shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining “Farg`ona viloyatnining 2022-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori ijro va rahbarlik  uchun qabul qilinsin.

2. O`zbekiston Respublikasining “2022-yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to`g`risida”gi qonuniga muvofiq, xalq deputatlari Farg`ona viloyat Kengashining “2022- yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash to`g`risida”gi qaroriga asosan, Yozyovon tuman mahalliy budjetining 2022-yilgi daromadlari 51 mlrd. 716,5 mln. so`m va xarajatlari 132 mlrd. 332,9 mln. so`mga ma`lumot uchun qabul qilinganligi hamda viloyat budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar 80 mlrd.  616,4 mln. so`m miqdorida tasdiqlanganligi inobatga olinsin.

3. Yozyovon tuman mahalliy budjeti daromadlarining 2022-yildagi asosiy prognoz ko`rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq ma`lumot uchun qabul qilinsin.

4. Tuman mahalliy budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlariga 2022-yilda ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Tuman budjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar me`yorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, ajratma me'yorlari bo`yicha viloyat mahalliy budjeti bilan tuman mahalliy budjetining taqsimotini o`rnatilgan tartibda “Davlat moliyasini boshqarish” axborot tizimiga Farg`ona viloyati bo`yicha G`aznachilik boshqarmasi tomonidan kiritilishi nazarda tutilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

6. Tuman mahalliy budjetining 2022-yil daromadlari chegaraviy hajmi 51 mlrd. 744 mln. so`mga hamda xarajatlarining chegaraviy hajmi 132 mlrd. 332,9 mln. so`mga tasdiqlansin.

7. Viloyat budjetidan tuman mahalliy budjetiga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfert miqdori 80 mlrd. 616,4 mln. so`mga tasdiqlansin.

- Bunda, tartibga soluvchi budjetlararo transfert miqdorini tuman mahalliy budjeti daromadlari prognozi ijrosidan qat`iy nazar kamaytirishga yo`l qo`yilmasligi qonunda belgilab qo`yilganligi inobatga olinsin.

8. 2022-yil uchun tuman mahalliy budjeti zaxira jamg`armasi hajmi 1 mlrd. 247,8 mln. so`m miqdorida belgilansin.

- Bunda, tuman mahalliy budjetining zaxira jamg`armasi mablag`ini Budjet kodeksining 73-moddasiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib bo`lmaydigan xarajatlarni, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur bo`lgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilishi ta`minlansin.

9. 2022-yil uchun tuman mahalliy budjeti shaxsiy g`azna hisobvaraqlarida turgan budjet mablag`larining yo`l qo`yiladigan eng kam miqdori 479 mln. so`m etib belgilansin.

10. Quyidagilar:

- Qishloq xo`jaligi uchun mo`ljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar bo`yicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 4-ilovaga muvofiq;

- jismoniy shaxslar bo`yicha (dehqon xo`jaligini yuritish uchun berilgan qishloq xo`jaligiga mo`ljallagan yerlardan tashqari) mutloq miqdorda 1 kv.m. uchun belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 5-ilovaga muvofiq;

- ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish o`tkazuvchi organlarda ro`yxatdan o`tkazilishi lozim bo`lgan binolar va inshootlarning 1 kv.m. uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymatga nisbatan kiritilayotgan kamaytiruvchi koeffitsiyentlar 6-ilovaga muvofiq belgilansin.

11. O`zbekiston Respublikasining mazkur qonuni bilan 2022-yilda xalq deputatlari Kengashlarini mahalliy budjetlarni boshqarishda, xususan mahalliy budjet xarajatlarini hududiy budjet mablag`lari taqsimlovchilar kesimida tasdiqlash va ularning Kengash oldidagi hisobdorligini belgilash bo`yicha vakolatlari kengaytirilganligi inobatga olinsin.

- Shuningdek, 2022-yilda:

a) quyidagi soliq turlari va boshqa majburiy to`lovlar:

- yakuniy iste`molchilarga benzin, dizel yoqilg`isi va gaz realizatsiyasi qilishdagi aksiz solig`i;

- qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat bojlari (patent boji va litsenziya berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);

- ayrim tovarlarni chakana savdosiga beriladigan huquq uchun undiriladigan yig`imlar;

- qonunchilikda belgilangan miqdorlarda O`zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undiriladigan boshqa yig`imlar (bojxona organlari tomonidan undiriladigan yig`imlardan, g`ildirakli transport vositalari, o`ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun undiriladigan utilizatsiya yig`imidan, shuningdek, avtotransport vositalari oynalarining tusini o`zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to`lovdan tashqari);

- qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O`zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladigan jarimalar;

- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat budjeti daromadiga o`tkaziladigan mol-mulk, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aktivlari bo`yicha ajratmalar va dividendlar;

- yer uchastkalariga bo'lgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablag'lari;

- bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlarini xususiylashtirishdan tushgan tushumlar;

- boshqa tushumlar (ushbu bandning “v” va “g” qismlarida nazarda tutilgan daromadlardan tashqari barcha daromadlar, shu jumladan tuman va shahar mahalliy budjetlarining boshqa tushumlari hamda budjet tashkilotlari asosiy vositalari sotilishidan tuman budjetiga tushumlar) viloyatning viloyat mahalliy budjetiga to`lig`icha o`tkazilishi;

b) Mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig`i va alkogol maxsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz solig`idan tushumlar 2021-yil 1-iyul holatiga ko`ra, tumanni viloyat aholisidagi ulushiga muvofiq, o`tkazib berilishi;

v) Quyidagi soliq turlari:

- jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig`i;

- jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig`i;

- aylanmadan soliq;

- yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to`lanadigan daromad solig`i;

- davlat mulki bo`yicha ijara to`lovlaridan tushadigan tushumlar tuman budjetiga to`liqligicha o`tkazib berilishi;

g) quyidagi soliq turlari va boshqa majburiy to`lovlar viloyat budjeti hamda tuman budjeti o`rtasida taqsimlanadi:

- qurilish materiallari bo`yicha yer qa`ridan foydalanganlik uchun soliq turidan tushumlarning barcha shahar va tumanlarda 50 foizi;

- yakuniy iste`molchilarga benzin, dizel yoqilg`isi va gaz realizatsiyasi qilishdagi aksiz solig`idan tushumlarning barcha shahar va tumanlarda 20 foizi;

- jismoniy shaxslardan undiriladigan daromad solig`idan  tushumlarning (yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to`lanadigan daromad solig`idan tashqari);

- yuridik shaxslar yer va mol-mulk soliqlag`i hamda suv resurslaridan foydalanganlik solig`idan tushumlarning 50 foizi;

- Agar qonunchilikda mahalliy budjetlarga o`tkaziladigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan bo`lsa, daromadning ushbu turi viloyat budjetiga o`tkaziladi.

12. Tuman hokimining birinchi o`rinbosari (A.Eraliyev), moliya bo`limi (S.Mirzayev), Davlat soliq inspeksiyasi (A.Axunov) tuman hokimi bilan birgalikda 2022-yilgi mahalliy budjetida belgilangan ko`rsatkichlarni o`z vaqtida va samarali bajarilishini ta`minlash choralarini ko`rsin.

13. Belgilansinki:

- tuman hokimi, mas`ul boshqarma va tashkilotlar tomonidan 2022-yilda budjet mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat va mas`uliyatni yanada kuchaytirish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarning to`liq tushimini ta`minlash hamda budjet daromadlar bazasini oshirish va qo`shimcha zaxiralarni aniqlash zarurligiga alohida e`tibor qaratilsin.

14. Tuman davlat soliq inspeksiyasi (A.Axunov)ga O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:

- Soliqlarning to`liq va to`g`ri hisoblanishini hamda ushbu soliqlarni o`z vaqtida budjetga undirilishi ustidan soliq nazoratini o`rnatish;

- Yer solig`i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va mol-mulk soliqlari bo`yicha doimiy tahlillar o`tkazgan holda, soliqlarni to`liq hisoblanishini ta`minlash hamda ushbu soliq to`lovlari bo`yicha soliq qarzdorligiga yo`l qo`ymaslik choralarini ko`rish;

- Aylanmadan soliq turi bo`yicha soliq to`lovchilar tomonidan naqd pul aylanmalarining soliq hisobotlarida to`liq aks ettirilishi ustidan doimiy soliq nazoratini o`rnatish hamda zarur hollarda xronometraj va kameral soliq nazorati tadbirlarini o`tkazish;

- Bunda, mazkur yo`nalishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida fuqarolarga xarid chekini talab qilib olishni targ`ib etuvchi ijtimoiy roliklar hamda video materiallar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keng targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida e`tibor qaratsinlar.

- Yer va mol-mulk solig`ining soliq bazasini oshirish, ya`ni xatlov ishlarini samarali tashkil etib borish vazifasi yuklatilsin.

15. Tuman davlat soliq inspeksiyasi (A.Axunov), Kadastr agentligi (D.Rahimov) 2022-yildan boshlab yuridik shaxslar mol-mulk solig`ini hisoblashda ko`chmas mulklarga 1 kv.metr uchun minimal miqdorlar joriy etilganligidan kelib chiqib, tumanda mavjud soliq to`lovchilarning mol-mulklari maydonlarini chuqur tahlil etgan holda ushbu mol-mulklarga nisbatan soliqlarni to`liq hisoblanishini ta`minlasinlar.

16. Majburiy ijro byurosi tuman bo`limi (A.Turg`unboyev), tuman soliq inspeksiyasi (A.Axunov) bilan hamkorlikda soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar bo`yicha mavjud soliq qarzdorliklarini budjetga undirish yuzasidan tegishli choralar ko`rib borsinlar hamda choraklar yakuni bilan soliq qarzdorliklarining chorak boshiga nisbatan kamayib borishi bo`yicha barcha kompleks chora-tadbirlar ko`rish vazifasi yuklatilsin.

17. Mahalla va oilani qo`llab quvatlash bo`limi (Z.Teshaboyeva), tuman hokimligi bilan hamkorlikda jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari bo`yicha joriy hisoblangan soliqlarni hamda ushbu soliqlardan mavjud soliq qarzdorliklarini undirish yuzasidan soliq organlariga amaliy yordam ko`rsatsinlar.

18. Kadastr agentligi (N.Imomatov) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Farg`ona viloyat hududiy boshqarmasi hamda bo`sh turgan ob`ektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish markazi bilan hamkorlikda:

- Bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlarini aniqlash bo`yicha xatlov ishlarini samarali tashkil etish;

- xatlov natijalariga ko`ra, tumanda mavjud bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlari ro`yxatini shakllantirish;

- shakllantirilgan ro`yxatga asosan, bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlarini ijaraga berish yoki sotish bo`yicha tegishli takliflar tayyorlash;

- bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlarini ijaraga berish yoki sotish bo`yicha ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida roliklar va

video-materiallar tayyorlash;

- xususiylashtirishi mo`ljallangan bo`sh turgan davlat mulki ob`ektlarini «E-ijro auksion» maydonchasi orqali sotish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilsin.

19. Tuman hokimi birinchi o`rinbosari (A.Eraliyev) Monopoliyaga qarshi ko`rashish qo`mitasi Farg`ona viloyati hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tashqi reklama ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazgan holda, ushbu tashqi reklama ob`ektlari bo`yicha shartnomalar tuzsinlar hamda ushbu shartnomalar bo`yicha yig`imlarni budjetga to`lanishi ustidan doimiy nazorat o`rnatilishini ta`minlasinlar.

20. Irigatsiya bo`limi (J.Abdullayev) va tuman davlat soliq inspeksiyasi (A.Axunov) tumanda sug`orishga sarflanayotgan suv hajmlari bo`yicha aniq hisob-kitoblar yuritgan holda mazkur iste`mol hajmlari bo`yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni to`liq hisoblanishini hamda moliya yili yakuniga qadar mahalliy budjetlarga to`liq undirib olish vazifasi yuklatilsin.

- Bunda, qishoq xo`jaligi korxonalari tomonidan iste`mol qilinayotgan suv resuslari hajmlari va ushbu hajmlar bo`yicha hisoblanayotgan suv soliqlari bo`yicha doimiy tahlillar o`tkazishga alohida e`tibor qaratilsin.

21. Tuman ichki ishlar bo`limi (X.Tashpulatov), Davlat xizmatlari markazi tuman bo`limi (F.Xojimurodov) tumanda budjetga hisoblangan boj, jarima va yig`imlarni o`z vaqtida to`liq mahalliy budjetga undirish choralarini ko`rib borsinlar.

22. Qonunning 13-moddasiga muvofiq:

- tuman mahalliy budjetining choraklar yakuni bo`yicha mazkur qarorga muvofiq tasdiqlanayotgan daromadlar prognoz ko`rsatkichi tuman hokimligi faoliyatiga bog`liq bo`lmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa va moliya yili oxirigacha ushbu mablag`larning tushish ehtimoli bo`lmasa, viloyat hokimligiga xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan ko`rilgan choralar bilan birgalikda tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat qilinishi nazarda tutilganligi inobatga olinsin.

- Tuman budjeti jami xarajatlarining 5 foizi hamda shakllangan qo`shimcha mablag`larining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamg`armasi”ga yo`naltirilsin.

- Bunda, tuman xalq deputatlari, tuman hokimligi, Yoshlar ishlar agentligi, tuman hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda yangi joriy etilgan hokim yordamchilari budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta`minlash maqsadida aholiga keng targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borishga mas'ulligi belgilab qo`yilsin.

23. Tuman budjetining qo`shimcha manbalaridan foydalanish to`g`risidagi qarorlari tegishli ravishda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tuman hokimligining taklifiga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo`naltirish maqsadida qabul qilinadi.

- Tuman budjetining qo`shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash ishlari olib borilayotgan ob`ektlar ro`yxati, shuningdek qurilish-ta`mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to`g`risidagi ma`lumotlar har chorak yakunlariga ko`ra, keyingi chorak birinchi oyining 10-sanasiga qadar tuman hokimligi tomonidan majburiy tartibda o`z rasmiy veb-saytlariga joylashtib boriladi.

24. Tuman hokimligi tashabbusi bilan amalga oshiriladigan tadbirlar uchun talab etiladigan mablag`lar mahalliy budjetning ijrosi davomida shakllangan qo`shimcha manba hisobidan amalga oshirilishi qat`iy belgilab qo`yilsin.

25. Tuman mahalliy budjetidan mablag` bilan ta`minlanadigan budjet tashkilotlari:

- tegishli budjetini birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirsin;

- qo`shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurish, rekonstruksiya va ta`mirlash ishlari olib borilayotgan ob`ektlar ro`yxati, shuningdek qurilish-ta`mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to`g`risidagi ma`lumotlarni tegishli ravishda majburiy tartibda o`z rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borsin;

- mahalliy budjetning qo`shimcha daromadlarini 30 foizidan kam bo`lmagan miqdorlarda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo`naltirishni, veb-saytlarida ularning natijalarini joylashtirib borilishini ta`minlasin.

26. Tuman hokimining birinchi o`rinbosari (A.Eraliyev), xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, tuman  tashkilotlari rahbarlari:

- Budjet daromad va xarajatlarining prognoz ko`rsatkichlari bajarilishini ta`minlash;

- soliq bazasini kengaytirish hamda iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilash, budjet mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanishi ustidan qat`iy nazorat o`rnatish;

- tegishliligi ravishda mahalliy budjet tashkilotlarining budjet mablag`laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalari bo`yicha hisobotlarini xalq deputatlari mahalliy Kengashiga kiritib borilishini ta`minlasin.

27. Tuman hokimligi qonunda belgilangan, hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan ayrim soliqlar va to`lov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa ma`lumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ta`minlasin.

28. Mazkur qarorni ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.

29. Ushbu qaror rasmiy e`lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

30.Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi va tuman hokimligi zimmasiga yuklatilsin.

 

Tuman hokimi      D. Djalilov.